Tibbiyot muassasalarida ichki nazorat va moliyaviy intizom qoniqarlimi?
![]()
Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan viloyati filialida Sog‘liqni saqlash vazirligining Ichki audit hamda Komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boshqarmalari hamkorligida o‘quv seminari o‘tkazildi.
Unda viloyatdagi tibbiyot muassasalari rahbarlarining o‘rinbosarlari, bosh hisobchilari, provizorlar, kadrlar bo‘limi mas’ullari, xaridlar bo‘yicha mutaxassislar va iqtisodchilar ishtirok etdi.
Tadbirda ichki nazorat va moliyaviy intizomni mustahkamlash, budjet mablag‘idan samarali foydalanish, davlat xaridlari, autsorsing xizmati, dori vositalari va tibbiy buyumlar harakatini to‘g‘ri tashkil etish bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, joriy yilning 5 oyida Sog‘liqni saqlash vazirligi tizimidagi tashkilotlarda “Masofaviyaudit.uz” platformasi orqali jami 416 holatda 15,7 mlrd. so‘mlik moliyaviy kamchiliklar erta aniqlangan hamda ular o‘z vaqtida bartaraf etilgan.
Ushbu tizim orqali moliyaviy jarayonlar doimiy monitoring qilinib, aniqlangan holatlar muassasalarga elektron yuborilmoqda. Bu esa muammolarni o‘z vaqtida hal etish imkonini beryapti.
Seminarda Hisob palatasi hamkorligida tashkil etilgan Situatsion markaz orqali muassasalar faoliyati tahlil qilinishi kutilgan samarasini berayotgani aytildi. Xususan, bu qonunbuzilishlarning oldini olish, kelib chiqish sabablarini chuqur o‘rganish va ularga yechim topishda asqatyapti.
O‘quv davomida shartnomalarni to‘g‘ri rasmiylashtirish, narxlarni asoslash, hisob-kitob intizomini ta’minlash, dori vositalariga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash, ularni sotib olish va qabul qilish, saqlash, taqsimlash va nazoratga olish masalalari batafsil tushuntirildi.
Yakunda tibbiyot muassasalarida moliyaviy intizomni mustahkamlash, profilaktik nazoratni kuchaytirish, muammolarning oldini olish hamda korrupsiyaviy xavflarni kamaytirish yuzasidan amaliy tavsiyalar berildi.
SSV Matbuot xizmati.
Web-site Telegram Fb Instagram
![]()
![]()
![]()